Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Toshkent viloyatida sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hududda sanoatni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va infratuzilmalar mavjud, biroq ulardan to‘liq foydalanilmayapti. Prezident Toshkent viloyatida ishsizlik masalasi bo‘lmasligi kerakligi ta’kidladi.

«30 foiz joyida sanoat rivojlangan, 45 foizi rivojlanyapti, qandaydir birinchi qadamlar, lekin qolganida sanoat yo‘q. Umuman, institutsional o‘zgartirish kerakki, Toshkent viloyatining sanoatini rivojlantirish bo‘yicha nimalarga e’tibor beramiz, qaysi-qaysi yo‘nalishlar bo‘yicha sanoatni joy-joyiga qo‘yamiz? Bo‘sh turgan binolar, to‘liq hajmda ishlamayotgan korxonalar juda ko‘p. Hozirgi sharoitni inobatga olsak, Toshkent viloyatida ishsizlik degan narsa bo‘lishi mumkin emas», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hududda ishsizlik darajasi 134 ming kishini tashkil etib, ularning 35,8 ming nafari — maktablar bitiruvchilaridir. Bundan tashqari, 140,9 ming kishi ishlash uchun xorijga chiqqan. Viloyatda jami 2,9 mln kishi (833,9 ming oila) istiqomat qiladi.

«Oxirgi yillarda Toshkent shahri bo‘yicha to‘plagan tajribalarimizni Toshkent viloyatiga ham joriy etishimiz kerak», — dedi prezident.

«Toshkent viloyati yonimizda, lekin yo‘nalish yo‘q. Hamma soha bo‘yicha Toshkent viloyati orqada qolib ketdi. Mahalliy sanoatni rivojlantirsak bo‘ladimi? Bo‘ladi. Juda katta imkoniyatimiz bor mahalliy sanoat bo‘yicha. Paxta ham, charm-poyabzal, pilla ham mahalliy. Ikkinchidan, juda katta ichki turizmni qilsa bo‘ladi. Qurilish, elektrotexnika, oziq-ovqat, neft-kimyo, yengil sanoat, farmatsevtika bo‘yicha tarmoqlardan odamlarni olib, faqat sanoatni rivojlantirish uchun Toshkent viloyatiga o‘tkazib qo‘yish kerak», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyev hududda kambag‘allik darajasini pasaytirish masalasini hal qilish lozimligini ta’kidladi.

«Kichik sanoat zonalari bor. Bo‘stonliqda ham, Ohangaronda ham, Bo‘kada ham odamlar kutib o‘tirishibdi — ish o‘rni yo‘q. Kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha savolga javob topishimiz kerak. Bir oy, ikki oyni ichida Toshkent viloyatida yaqqol o‘zgarish qilishimiz kerak. Menga natija kerak, mana shu mening sizlardan talabim», — dedi u.

Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tganini qayd etib, Toshkent viloyatida imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani, yetarli darajada ish olib borilmayotgani ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev hududda sanoat ishlab chiqarish hajmini yil oxiriga qadar 40 foizga oshirish (hozirda — 7,7 trln so‘m) talabini qo‘ygan.

Viloyat ma’muriyati rahbari hududning «yashil», «sariq» va «qizil» hududlarga ajratib chiqilganini ma’lum qildi. «Yashil» hududlarda mavjud korxonalarning imkoniyat va quvvatlarini kengaytirish, rivojlanmagan «qizil» hududlarda esa yangi korxonalarni ochish rejalashtirilmoqda.